“Huquq bilimdonlari” respublika tanlovi

1
1536

“Huquq bilimdonlari” respublika tanlovinining

NIZOMI

I. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Huquq bilimdonlari” respublika tanlovini (keyingi o‘rinlarda “tanlov” deb yuritiladi) tashkil etish va o‘tkazish tartibini belgilaydi.

2. Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi hamda ularning hududiy bo‘linmalari hamkorligida o‘tkaziladi.

II. Tanlovning maqsadi

3. Mamlakatimizda aholining turmush tarzini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yurtimizda inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlanishi hamda milliy istiqlol g‘oyalarini o‘quvchi-yoshlar ongiga singdirish orqali ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini va huquqiy bilimlarini yanada oshirish hamda o‘quvchilarda huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish, ularda faol fuqarolik pozitsiyasini va mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish, bu orqali ular o‘rtasida huquqbuzarliklarni oldini olish, iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash va ularni rag‘batlantirish maqsadida o‘tkaziladi.

III. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish tartibi

4. Tanlov uch bosqichda o‘tkaziladi:

1–bosqich: tuman (shahar) bosqichi – barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablari jamoalari ishtirokida har yili aprel oyining birinchi o‘n kunligi davomida o‘tkaziladi.

2–bosqich: hududiy bosqich – hududdagi barcha tuman (shahar) jamoasi ishtirokida har yili aprel oyining uchinchi o‘n kunligi davomida o‘tkaziladi.

3–bosqich: respublika bosqichi – barcha hududlar jamoalari ishtirokida har yili may oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladi.

Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi respublika ta’lim muassasalari jamoalari Toshkent shahar bosqichida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etadi.

5. Tanlovda ishtirok etadigan jamoalar quyidagi tartibda shakllantiriladi:

Jamoalar umumiy o‘rta ta’lim maktablarining bilimli, zukko, xulqi namunali bo‘lgan 5 nafar (o‘quvchilar ixtiyoriy sinfdan olinishi mumkin) o‘quvchilardan iborat bo‘ladi.

Har yilning 20 martiga qadar barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida maktab jamoasi tuziladi va tuman (shahar) xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish (keyingi o‘rinlarda-XTMFMTTEB)bo‘limlariga taqdim etiladi. Maktabning “Huquq” fani o‘qituvchisi jamoaga rahbar sifatida biriktiriladi va jamoa tanlovlarda mazkur o‘qituvchi kuzatuvida ishtirok etadi.

Tuman (shahar) jamoasi – tanlovning tuman (shahar) bosqichida 1-, 2-, 3-o‘rinlarni egallagan maktab jamoalari tarkibidan tanlovning tuman (shahar) bosqichi hakamlar hay’atining tavsiyalari asosida tuziladi (bunda 1 ta maktab jamoasi ham tuman (shahar) jamoasi sifatida olinishi mumkin) va mazkur jamoa tanlovning hududiy bosqichida tuman (shahar) jamoasi sifatida ishtirok etadi.

Hudud jamoasi – tanlovning hududiy bosqichida 1-, 2-, 3-o‘rinlarni egallagan tuman (shahar) jamoalari ishtirokchilari tarkibidan tanlovning hududiy bosqich hakamlar hay’atining tavsiyalari asosida tuziladi (bunda 1 ta tuman (shahar) jamoasi ham hudud jamoasi sifatida olinishi mumkin) va mazkur jamoa tanlovning respublika bosqichida hudud jamoasi sifatida ishtirok etadi.

6. Tanlovni o‘tkazish bo‘yicha tuman (shahar) XTMFMTTE bo‘limlari va hududiy xalq ta’limi boshqarmalarida mintaqaviy-hududiy ishchi guruhlar tuziladi.

Tanlovning quyi bosqichlari mintaqaviy-hududiy ishchi guruhlar tomonidan tashkil etiladi.

Mintaqaviy-hududiy ishchi guruh tarkibiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri, Toshkent shahar va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari boshliqlari, Adliya vazirligining hududiy boshqarmalari, hududdagi oliy ta’lim muassasalari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hududiy Kengashlarining mas’ul xodimlari kiritiladi.

7. Mintaqaviy-hududiy ishchi guruhlar quyidagi ishlarni amalga oshiradi:

“Huquq bilimdonlari” respublika tanlovining quyi bosqichlarini Nizom asosida o‘tkazilishiga amaliy yordam ko‘rsatadi.

Tanlovning quyi bosqichlarida ishtirok etuvchi hakamlar hay’ati tarkibiga tegishli sohaning yetuk mutaxassislarini jalb qiladi, ularning adolatli va xolisona faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi.

Tanlovning tuman (shahar) va hududiy bosqichi g‘oliblari hamda ularning o‘qituvchilarini rag‘batlantiradi.

Tanlovning respublika bosqichida ishtirok etadigan jamoa a’zolarining sog‘lig‘i va xavfsizligini ta’minlagan holda Toshkent shahriga kelish – ketishlarini tashkil etadi.

Respublika tashkiliy ko‘mitasiga tanlovning quyi bosqichlarining yakuni bo‘yicha belgilangan muddatlarda hisobot beradi.

Tanlovning o‘tkazilish jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritadi.

8. Tanlovning 1-bosqichini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy ishlar (o‘tkazish vaqti, joyi, tashkiliy guruh, hakamlar hay’ati tarkibi) tuman (shahar) XTMFMTTE bo‘limlarining, 2-bosqich tashkiliy ishlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalarining buyruqlari bilan tasdiqlanadi.

9. Tanlovning 1-bosqichi yakuniy natijalari va 2-bosqichda ishtirok etish uchun yuboriladigan tuman (shahar) jamoasi haqidagi ma’lumotlar (tuman (shahar) XTMFMTTE bo‘limi buyrug‘i, hakamlar hay’ati qarori nusxasi va tasdiqlangan jamoa tarkibi ro‘yxati) tanlov o‘tgandan so‘ng uch kun muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari qoshidagi tashkiliy guruhga taqdim etiladi.

Tanlovning 2-bosqichi yakuniy natijalari va 3-bosqichda ishtirok etish uchun yuboriladigan hudud jamoasi haqidagi ma’lumotlar (hududiy xalq ta’limi boshqarmasi buyrug‘i, hakamlar hay’ati qarori nusxasi, tasdiqlangan jamoa tarkibi ro‘yxati va ularning ma’lumotnoma-obyektivkasi) tanlov o‘tgandan so‘ng uch kun muddatda Respublika tashkiliy guruhiga taqdim etiladi.

IV. Tanlov shartlari va baholash mezoni

10. Tanlov shartlari.

1-shart: Test sinovlari.

Bu shartda Respublika ta’lim markazi, hududiy xalq ta’limi boshqarmalari hamda tuman (shahar) XTMFMTTE bo‘limlari tomonidan tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda tuzilgan 25 ta test savollariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda jamoalar birgalikda javob beradi.

Test savollari tanlov boshlanishidan oldin o‘tkaziladi hamda javob berish uchun 25 daqiqa vaqt beriladi.

2-shart: Huquqiy bilimdonlik.

Bu shartda jamoalar Respublika ta’lim markazi, hududiy xalq ta’limi boshqarmalari hamda tuman (shahar) XTMFMTTE bo‘limlari tomonidan tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda tuzilgan va konvertda muhrlangan 3 ta savolga javob beradi.

Savollarga javob berish uchun 10 daqiqa vaqt beriladi.

3-shart: Sahna ko‘rinishi.

Bu shartda jamoalar oldindan tayyorgarlik ko‘rib kelgan holda, o‘quvchilarning huquqiy madaniyati va savodxonligining ahamiyati, voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi huquqbuzarliklar, ularning yoshlar hayoti va kelajagiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, oqibatlari va oldini olish choralari bo‘yicha erkin sahna ko‘rinishini namoyish qiladi.

Ushbu shartni bajarish uchun 10 daqiqa vaqt beriladi.

11. Tanlov shartlarini baholash mezonlari.

Tanlov ishtirokchilari 100 ballik tizimda hakamlar hay’ati tomonidan baholanadi.

1-shart: Test sinovlari.

Ushbu shart jami 50 ballgacha (bitta to‘g‘ri javobga 2 ball) baholanadi.

Unda, har bir jamoa a’zosi (alohida) belgilangan vaqt davomida 25 ta test savollariga javob beradi. Jamoa a’zolari to‘plagan umumiy ballaridan o‘rtacha bal chiqariladi.

2-shart: Huquqiy bilimdonlik.

Ushbu shart jami 30 ballgacha (bitta savolning to‘g‘ri javobiga 10 ballgacha) baholanadi.

Shartni baholashda jamoa a’zolarining hamfikrligi, hozirjavobligi va aniq faktlar asosida javob berishlariga alohida e’tibor qaratiladi.

3-shart: Sahna ko‘rinishi.

Ushbu shart jami 20 ballgacha baholanadi.

Shartni baholashda mavzuning to‘g‘ri tanlanganligi, ochib berilishi, olgan bilimlarning aks ettirilishi, o‘quvchilarning ijodkorligi va mahoratlari inobatga olinadi.

V. G‘oliblarni taqdirlash

12. Tanlovning faol ishtirokchi va g‘oliblari umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Ertalabki saflanish”larda e’lon qilinadi.

13. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari rahbariyati tomonidan tanlovda faol ishtirok etgan va g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarning ota-onalariga, tegishli mahalla fuqarolar yig‘iniga “Minnatdorchilik” xati yuboriladi.

14. Tanlovning tuman (shahar) va hududiy bosqichlari g‘oliblari va ishtirokchilarini rag‘batlantirish bilan bog‘liq barcha sarf-xarajatlar joylardagi tegishli xalq ta’limi boshqaruv organlari mas’ulligida hamkor tashkilotlar va boshqa manfaatdor idoralarning homiylik mablag‘lari hisobidan belgilangan tartibda qoplanadi.

15. Tanlovning Respublika bosqichi g‘oliblari Xalq ta’limi vazirligining diplomlari hamda quyidagi tartibda o‘rinlar bo‘yicha esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanadilar:

1 tadan – I, II, III o‘rin;

11 ta –nominatsiya g‘oliblari.

Tanlovning barcha bosqichi g‘oliblari mas’ul vazirlik va idoralar (ularning hududlardagi boshqarma va bo‘limlari)ning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

VI. Yakuniy qoidalar

16. Jamoa rahbari (1 nafar o‘qituvchi) va a’zolarining Toshkent shahriga kelib-ketishi bilan bog‘liq sarf-xarajatlar xizmat safariga yuborayotgan hududiy xalq ta’limi boshqarmalari hamda tuman (shahar) XTMFMTTE bo‘limlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda qoplanadi.

17. Mazkur Nizomga mas’ul vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.

print
SHARE

1 ta fikr

Fikr bildirish

Please enter your comment!
Please enter your name here