“Siz qonunni bilasizmi?” ko‘rik-tanlovi

0
1900

“Siz qonunni bilasizmi?” ko‘rik-tanlovining

NIZOMI

I. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari (bundan keyingi o‘rinlarda ta’lim muassasalari deb yuritiladi) o‘quvchilari o‘rtasida “Siz qonunni bilasizmi?” ko‘rik-tanlovini (bundan keyingi o‘rinlarda tanlov deb yuritiladi) o‘tkazish tartibini belgilaydi.

2. Tanlov ta’lim muassasalari o‘quvchilarining huquqiy bilimlari, ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonun hujjatlariga hurmat ruhida tarbiyalash, yoshlarning erkin fikrlash qobiliyati va nutq madaniyatini o‘stirish, ularning faol fuqarolik pozitsiyasini yanada mustahkamlash, iqtidori yuksak o‘quvchilarni aniqlash va ularni rag‘batlantirish maqsadida o‘tkaziladi.

II. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish

3. Tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joylashgan, huquqiy yo‘nalishga ixtisoslashmagan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilaridan iborat guruhlar ishtirok etadi.

4. Tanlovni tashkil etish va uni o‘tkazish mas’ul tashkilotchilarning vakillaridan tarkib topgan tashkiliy ishchi guruhi zimmasiga yuklatiladi.

5. Ta’lim muassasalarining tanlovda ishtirok etuvchi guruhlarini shakllantirish tegishlicha ta’lim muassasalari va boshqa mas’ul tashkilotlar tomonidan 8 kishidan iborat tartibda amalga oshiriladi. Guruhlar faqatgina tanlovda qatnashayotgan ta’lim muassasasi o‘quvchilaridan iborat tarkibda tuziladi.

6. Tanlov to‘rt bosqichda o‘tkaziladi.

Tanlovning saralash, tuman, hududiy (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri), yakuniy (respublika) bosqichi fevral-may oylarida o‘tkaziladi.

7. Tanlov bo‘lib o‘tadigan joy va sanasi:

saralash bosqichini tashkil etish va o‘tkazish har bir ta’lim muassasasi huzurida tuzilgan tashkiliy ishchi guruhi tomonidan belgilanadi va 10 kun oldin ta’lim muassasasi hamda mas’ul tashkilotlar vakillariga ma’lum qilinadi. Saralash bosqichi fevral-mart oylari davomida o‘tkaziladi;

tuman (shahar) bosqichini tashkil etish va o‘tkazish sanasi 10 kun oldin tashkiliy ishchi guruh tomonidan belgilanadi. Tashkiliy ishchi guruh tarkibiga hududdagi ta’lim muassasalari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tuman (shahar) Kengashlari va mas’ul tashkilotlar xodimlari kiritiladi. Tuman (shahar) bosqichi mart oyi davomida o‘tkaziladi;

hududiy (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) bosqichni tashkil etish va o‘tkazish joyi hamda sanasi 10 kun oldin “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining hududiy Kengashlari, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmalari, adliya, ichki ishlar organlari va boshqa mas’ul tashkilotlar vakillaridan iborat tashkiliy ishchi guruhi tomonidan belgilanadi. Hududiy bosqich aprel oyi davomida o‘tkaziladi;

tanlovning yakuniy (respublika) bosqichi bo‘lib o‘tadigan joy va sanasi respublika tashkiliy ishchi guruh tomonidan belgilanadi va 20 kun oldin hududiy (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) bosqichida g‘olib bo‘lgan (1-o‘rinni qo‘lga kiritgan) ta’lim muassasalari va mas’ul tashkilotlarga ma’lum qilinadi. Respublika bosqichi may oyi davomida o‘tkaziladi;

tanlovning respublika bosqichida qatnashgan ta’lim muassasalari 3 yil davomida tanlovda ishtirok etmaydi.

III. Tanlov shartlari va baholash mezonlari

8. Tanlov 5 ta shart asosida o‘tkaziladi.

9. Tanlovning birinchi shartida guruhlar o‘zi tahsil olayotgan ta’lim muassasasida yaratilgan sharoitlar, ilmiy ijod va malakaviy izlanishlar uchun mavjud imkoniyatlar, so‘nggi yillarda mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntirib berishlari, shuningdek, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan takliflarini ko‘rgazmali tarzda namoyish etishlari shart.

Ushbu shartga 8 daqiqa vaqt ajratiladi va 5 ballik tizimda baholanadi.

10. Tanlovning ikkinchi sharti “Huquqiy bilimlar saviyasini aniqlash” bo‘lib, unda har bir guruhning sardori tanlovning tashkiliy ishchi guruhi tomonidan guruhlar soniga mos ravishda tayyorlangan maxsus konvertlar ichidan bittasini tanlaydi. Konvertlarda 5 ta savoldan iborat bilet bo‘ladi. Biletdagi savollarning barchasiga guruhning bir nafar ishtirokchisi yoxud har bir savolga guruhning boshqa ishtirokchilari tomonidan javob berilishi mumkin. Bu shartda qo‘shimcha javoblar berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Savollarga tayyorlanish uchun guruhlarga 3 daqiqa, javob berish uchun esa 5 daqiqa vaqt ajratiladi va 5 ballik tizimda baholanadi.

11. Tanlovning uchinchi shartida guruhlar tashkiliy ishchi guruhi (saralash, tuman, hududiy (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) bosqichida – hududiy tashkiliy ishchi guruhi, yakuniy (respublika) bosqichida – respublika tashkiliy ishchi guruhi) tomonidan oldindan berilgan mavzular asosida jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan videorolik yoki taqdimot (prezentatsiya)ni tanlov o‘tkazilgunga qadar tayyorlaydilar. Hakamlar hay’ati videorolik yoki taqdimot (prezentatsiya)ni baholashda uning sifati, mazmundorligi hamda professional darajada tayyorlanganligiga alohida e’tibor qaratadilar. Guruhlar videorolik yoki taqdimot (prezentatsiya)ni tayyorlash jarayonida mutaxassislar va ijodkorlar yordamidan foydalanishi mumkin.

Videorolik uchun 3-5 daqiqa, taqdimot (prezentatsiya) uchun 5 daqiqa vaqt ajratiladi va ushbu shart 5 ballik tizimda baholanadi.

12. Tanlovning to‘rtinchi, ya’ni “Uy vazifasi” shartida guruhlar jamiyatda uchraydigan ayrim ijtimoiy-huquqiy muammolarni sahna ko‘rinishlar orqali namoyish etish bilan birgalikda ushbu holatlarni bartaraf qilishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirishlari lozim.

Ushbu sahna ko‘rinishi uchun 10 daqiqagacha vaqt ajratiladi va 5 ballik tizimda baholanadi.

13. Tanlovning beshinchi, ya’ni “Yoshlarga oid qonunchilik – yoshlar nigohida” shartida guruhlar tomonidan ta’lim muassasalarida O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan yoshlar oid qonun hujjatlarining hamda qonun hujjatlarini yoshlarga oid normalarini takomillashtirishga oid takliflar ishlab chiqiladi va mazkur takliflar asosida taqdimot tayyorlanadi.

Ushbu shartga 10 daqiqa vaqt ajratiladi va 10 ballik tizimda baholanadi.

14. Guruhlarning badiiy chiqishi va sahna ko‘rinishining o‘ziga xosligi, milliyligi, mazmundorligi, yangiligi, guruhlarning o‘zini tanishtirishi va sahna ko‘rinishlari jarayonida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq tizimidagi islohotlarni inobatga olishi hamda ular mohiyatini oddiy va xalqchil tarzda ochib berishi, belgilangan vaqtga qat’iy rioya qilishi, kiyimi, ijodiy, badiiy hamda voqea-hodisalarni xalqchil asosda tayyorlashi – baholashning asosiy mezoni hisoblanadi.

Guruhlar o‘z badiiy chiqishi va sahna ko‘rinishining ssenariysini tanlovdan yetti kun avval tashkiliy ishchi guruhga taqdim etadi.

15. Tanlovdagi savollar “Konstitutsiyaviy huquq” hamda “Davlat va huquq asoslari” fanlari doirasida huquqshunoslikka ixtisoslashgan ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari tomonidan tuziladi.

Tanlov savollari O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining rasmiy veb-saytiga joylashtirish orqali e’lon qilinishi mumkin.

Savollar tashkiliy ishchi guruh tomonidan saralanib, tanlov kunidan bir kun oldin maxsus paketlarga joylashtirilib, muhrlanadi va O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatida saqlanadi.

16. Tanlov shartlarini baholash, g‘oliblar va boshqa ishtirokchilarni taqdirlash tashkiliy ishchi guruh tomonidan tuziladigan hakamlar hay’ati zimmasiga yuklanadi.

Hakamlar hay’ati tarkibiga Adliya, Ichki ishlar, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hamda boshqa manfaatdor idoralarning mas’ul xodimlari kiritiladi. Shuningdek, hakamlar hay’ati tarkibiga ta’lim, madaniyat va san’at sohasi vakillari ham kiritilishi mumkin.

17. Tanlovda I, II, III o‘rinlar ta’sis etilgan bo‘lib, barcha shartlar bo‘yicha umumiy ballar qo‘shib hisoblanganda, eng yuqori ball to‘plagan guruh tanlovda I o‘rinni,
undan keyingisi II va III o‘rinni egallagan hisoblanadi.

Agarda guruhlar o‘rtasida umumiy to‘plangan ballar teng kelib qolganda
I, II, III o‘rinlarni belgilash sardorlar bellashuvi orqali hal etiladi.

Bunda umumiy ballari teng bo‘lgan har bir guruh sardoriga hakamlar hay’ati a’zolari konvertdagi biletlardan 1 ta savolni beradi. Javob berish uchun 1 daqiqa vaqt ajratiladi. Savolga tayyorlanishga esa vaqt berilmaydi.

Sardorlarning bergan javoblari hakamlar hay’ati tomonidan 5 ballik tizimda baholanadi.

Ushbu bellashuv yakuni bo‘yicha qabul qilingan qarorga hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan sharh berilmaydi.

IV. G‘oliblarni taqdirlash

18. Tanlov g‘olib va ishtirokchilarini taqdirlash O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining I, II va III darajali diplomlari va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanadilar.

19. Tanlov yakuniga ko‘ra, hakamlar hay’ati tomonidan turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanishi hamda ular faxriy yorliq va sovg‘alar bilan rag‘batlantirilishi mumkin.

V. Yakuniy qoidalar

20. Tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha xarajatlar mas’ul tashkilotchilarning va boshqa manfaatdor idoralarning mablag‘lari hisobidan belgilangan tartibda qoplanishi mumkin.

21. Davlat va nodavlat tashkilotlari tanlovda homiylik qilishlari mumkin.

22. Mazkur tanlovning hududiy bosqichlari bilan bog‘liq barcha hujjatlar (materiallar) O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining hududiy Kengashlarida, yakuniy (respublika) bosqichi bo‘yicha hujjatlar (materiallar) O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashida saqlanadi.

print
SHARE

Fikr bildirish

Please enter your comment!
Please enter your name here