Bahor keldi seni so‘roqlab

0
118

Bahorning ilk kunida tug‘ilish ham aslida taqdirning inoyati bo‘lsa kerak. Shoira tavallud topgan kun – ko‘rkam bahor faslining ilk kuni uning naqadar tanti, yoshliksevar, otashnafas ekanligi haqiqatini yana bir bora dilimizga yoyadi.

Har yili bahor kelishi, bahor bayrami mamlakatimizda she’riyatimiz malikasi Zulfiyaxonim tavallud topgan kun bilan hamohang nishonlanadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, bahorning boshlanishi yurtimizda tom ma’noda adabiyotimiz, she’riyatimiz ayyomiga aylanib ketadi.

Milliy adabiyotimiz rivoji uchun umr yillarini bag‘ishlagan, inson ruhiyati dunyosining betakror kuychisi Zulfiya Isroilovani bilmaydigan, uning biror she’rini yod olmagan kitobxon oramizda topilmasa kerak. Zulfiyaxonim o‘zbek she’riyatiga ayol qalbining nafosati, nazokati va ma’sumligi bilan yo‘g‘rilgan shunday go‘zal tug‘yonlarni olib kirdi. Insoniyatni yaxshilikka undab, yomonliklardan asrab turgan shu buyuk tuyg‘ularni satrlar ila mangulikka muhrladi.

Fikrimiz isboti o‘laroq Bahor keldi seni so‘roqlab nomli she’riy to‘plamini hukmingizga havola qilamiz. Bu to‘plamda ijodga oshno qalbni titratuvchi, ruhingni ajib hislar domiga tortib entiktiruvchi  satrlar-la to‘yingan  she’rlar mujassamlashtirilgan.

To‘plam nomi bilan atalgan Bahor keldi seni so‘roqlab she’ri umr yo‘ldoshi Hamid Olimjonga bag‘ishlagan bo‘lib, qalbdagi tug‘yonlarini, mehrini, sadoqatini, sog‘inchini ushbu she’ri orqali baralla va oxistalik bilan madh eta olgan. To‘plamdagi she’rlarni o‘qir ekansiz, qalbingiz junbushga keladi, ajib bir hisni tuyasiz, hayotga bo‘lgan intilishingiz, shijoatingiz ortib boradi. Chunki, uning she’rlarida sehr bor. Shuning uchun uning she’rlari tarannumi sizni o‘ziga  ohangrabodik tortadi.

Zero, Zulfiya nazm bog‘iga hech qachon xazonlar kira olmaydi, zavol lashkarlari mavh eta olmaydi. Aksincha, beorom qalb yaratgan ijod bog‘i mangu shovullab, yashnab, yasharib turaveradi. Shu sababli Zulfiya o‘z ijod mahsuli orqali qalblarda mangu yashaydi.

Aziz kitobxon ushbu to‘plamni o‘qib, mutolaa zavqidan bahramand bo‘lasizlar, degan umiddamiz.

Ma’lumot o‘rnida, 2015-yil kitobxonlar tomonidan eng ko‘p sotib olingan kitob “Kamolot” kutubxonasi” ruknida chop etilgan dunyoga mashhur o‘zbek shoirasi Zulfiyaning “Bahor keldi seni so‘roqlab” she’riy to‘plami bo‘ldi. Yil davomida 9942 dona she’riy to‘plam xarid qilingan. Bu esa quvonarli natija, hamda joriy yil hisobida bundanda yuksakroq natijaga erishishga va o‘z kitob javonimizni yanada boyishiga  birgalikda harakat qilaylik!

Madina Muhammadiyeva

print
SHARE

Fikr bildirish

Please enter your comment!
Please enter your name here