Shoirlik — bu shirin jondan kechmakdir…

0
95

Ma’naviyatimiz jonkuyari, mohir publisist, hurriyat kuychisi, otashnafas shoir Erkin Vohidov ijodi o‘zbek adabiyotini durdona asarlari bilan boyitgan. Uning faoliyati hayotiy falsafa va teran fikrlar ila uyg‘un. Asarlarida hayotiy kechinmalar, inson ruhiy holati manzarasining betakror tasviri va uning yangicha, o‘ziga xos badiiy ifodasi mujassam.

Erkin Vohidov 1936-yilning 28-dekabrida Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida o‘qituvchi oilasida tug‘ilgan. Erkin Vohidovlar oilasi 1945-yilda Toshkentga ko‘chib kelgach, bo‘lg‘usi shoir shu yerda o‘rta ma’lumot oladi.

Uning birinchi she’riy to‘plami 1961-yilda “Tong nafasi” nomi bilan bosilib chiqqan. Shundan buyon shoirning o‘ttizdan ortiq she’riy majmualari o‘z o‘quvchisiga yetib borgan. Jumladan, shoirning “Qo‘shiqlarim sizga” (1962), “Yurak va aql” (1963), “Mening yulduzim” (1964), “Nido” (1965), “Palatkada yozilgan doston” (1967), “Yoshlik devoni” (1969), “Charog’bon” (1970), “Dostonlar” (1973), “Hozirgi yoshlar” (1971), “Muhabbat” , “Tirik sayyoralar” (1980) kabi kitoblari nashrdan chiqqan.

O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Erkin Vohidovning betakror she’riy va dramatik asarlari, qoyilmaqom tarjimalari, san’atkorlar tilidan tushmay kelayotgan go‘zal g‘azallari she’riyat shaydolari qalbini zabt etib abadiyatga muhrlanib qolmoqda.

Erkin Vohidovning “Zamin sayyorasi” nomli she’riy to‘plami 2014-yil “Kamolot” kutubxonasi rukni ostida ko‘p nusxada chop etildi. Ushbu kitob bundan 30 yil avval nashr etilgan ikki kitobning jamlanmasi sifatida qayta nashrga tayyorlandi.

“Sharqiy qirg‘oq” kitobi 1980-yilda chop etilgan. Bugun kitobxonlarda shoirning aynan shu she’rlariga bo‘lgan sog‘inch voyaga yetdi. Talab va istaklar inobatga olingan holda, uni nashr etish maqsad qilindi. Bundan tashqari o‘sha yillarda nashr etilgan “Tirik sayyoralar” kitobidan ham she’rlar saralab olindi. Ushbu she’riy to‘plam “Zamin otli bir sayyorada”, “Shoirlik”, “Ona tilim o‘lmaydi”, “Zamin sayyorasi”, “Maqbaradagi yozuvlar”, “Shoir qalbi”, “ O‘zbekiston”, “Iltijo” kabi 50 dan ortiq she’rlarni hamda “Ko‘hinur”, “Ruhlar isyoni”, “Sharpalar”, “Ozodlik”, “Tutqunlikda”, “Isyon qo‘shig‘i” kabi 14 ta dostonni o‘z ichiga olgan bo‘lib, bularning barchasi kitobxonga bir olam ma’naviy ozuqa ulashadi.

Shoirqalb muxlislarga ushbu she’riy to‘plamni o‘qishlarini tavsiya qilamiz!

Shahnoza Nurullayeva

print
SHARE

Fikr bildirish

Please enter your comment!
Please enter your name here