«Odob-axloq kitobi» – barkamollikka eltuvchi asar

0
158

Inson hayot ekan, uning kelajak yo‘li, qanday inson sifatida kamol topishi bevosita ta’lim-tarbiya, odob-axloq kabi tushunchalar bilan bog‘liq. Ma’nan yuksak, aqlan yetuk shaxsgina  go‘zal xulq sohibi bo‘lib yetishadi. Zeroki,  odob-axloq inson ko‘rki sanaladi. Inson shu ezgu fazilatlari ila aziz.

Odamzotning yaxshilik va yomonlik, halol va haromning, ma’rifat  va jaholat, saxovat va baxillik kabi tuyg‘ularni  farqlay olishi, umrining har onini ezgulik yo‘liga safarbar etishi go‘zal odob-axloqning bir ko‘rinishidir. Buning uchun esa u , albatta  to‘g‘ri tarbiya topgan, ko‘ngliga faqat yaxshilik urug‘larini sochgan bo‘lishi darkor.

O‘tgan asr boshlarida yangi tuzum maktablarining tashkil etilishi nafaqat davr farzandlarining, balki millat bolalarining ma’naviyatida tub burilishi yasadi, desak xato bo‘lmaydi. Zamon ma’rifatparvarlari o‘quvchilar uchun qator  darsliklar yaratishdi, risolalar chop etishdi, gazeta va jurnallar ochishdi.

Bugungi o‘quvchilar aynan o‘sha maqolalarni, asarlarni, kitoblarni qayta-qayta o‘qishi lozim, chunki ustozlarimizni , boringki ustozlarimizning ustozlarini ma’rifatga chorlagan, ilmga oshno qilgan, ziyoli qilgan asarlar bugungi davr uchun ham qadrli, ham zarur.

Mazkur kitobda XX asr boshlaridagi adabiyot-ilm va chin insoniylikka  chorlovchi asarlar jamlandi.

Ushbu asardan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon kabi o‘zbek adabiyotining buyuk namoyondalari, xalqparvar jadidchilarimizning hayot va ijod yo‘li haqidagi ma’lumotlar o‘rin olgan.Shuningdek, odob-axloq mavzusidagi asarlaridan parchalar ham keltirilgan.

Insoniylikka xos fazilatlar  hayotiy misollar ila aks ettirilgan. Abdurauf Fitratning “Najot yo‘li” asaridan olingan parchada xaroblikning sabablaridan biri ilmsizlik va harakatsizlik deb, ko‘rsatiladi. Odamzotga berilgan ne’matlarning eng buyugi esa Aql ekanligi, shu aql insoniyatni maxluqlar orasida mukarram va musharraf qilib turganligi ta’kidlangan.

Munavvarqori Abdurashidxonovning  odob-axloq  haqidagi qarashlarida bir hikoya keltilgan bo‘lib,uning zamirida odobni odobsizlardan o‘rganish mumkinligi haqidagi fikr mujassam. Kitobni varoqlab borar ekansiz  ma’rifatparvar adabiyot vakilimizning “Bizning jaholat–jahli murakkab” nomli maqolasi e’tiboringizni tortishi tabiiy. Sababi, unda dunyoga nimaga kelganini bilmay, ilm-u ma’rifatga qiziqmay, jonidan shirin farzandlarini ko‘cha-ko‘yda kezdirib, bechora ma’sumning aziz umrini jaholat otashida yondiruvchi, oilaga befarq, diyonatsiz otalarning borligidan ijodkor qalbi larzaga kelishi tasvirlangan. Shunday insonlar ham o‘zi, ham farzandi ko‘ngliga ma’rifat chirog‘ini yoqqanda, hozirda baxt yog‘dusidan ko‘zlari quvnashi mumkinligi misollar ila aks ettirilgan.

Abdulla Avloniyning “Turkiy Guliston yoxud axloq”  asaridan keltirilgan parchaning Xulq bobini o‘qir ekansiz  bir tog‘ning o‘rnidan ko‘chib ketganini aytishsa, ishonishingiz mumkinligi, ammo bir odamning xulqi batamom o‘zgarganiga ishonib bo‘lmasligiga o‘zingiz ishonch hosil qilasiz.

Mazkur kitobdan  sizning sevimli asarlaringiz qatoridagi Abdulla Qodiriyning “Uloqda” , Abdulhamid Cho‘lponning “Qor qo‘ynida lola” hikoyalari  ham joy olgan.

Aziz kitobxon! “Kamolot kutubxonasi” rukni ostida chop etilgan “Odob- axloq” kitobini o‘qib, mutolaa zavqidan bahramand bo‘ling. Ushbu harakatingiz sizni ma’naviy barkamollik hamda kamolot cho‘qqisi tomon yetaklaydi.

Shahnoza Nurullayeva

 

print
SHARE

Fikr bildirish

Please enter your comment!
Please enter your name here