Talab yangilanaveradi, BOSHLANG‘ICH TASHKILOTlar-chi?

"Turkiston" gazetasining 15-apreldagi sonida Harakatning Boshlang'ich tashkilotlari faoliyatiga oid navbatdagi tanqidiy-tahliliy maqola chop etildi.

0
247

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati bugun yoshlarning haqiqiy suyanchi va tayanchiga aylanib ulgurdi. O‘z atrofiga iqtidorli, tashabbuskor, intiluvchan yigit-qizlarni birlashtirgan tashkilot tizimida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, iste’dodlarini yuzaga chiqarish borasida ham samarali ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

Ta’kidlash joiz, Harakat faoliyatida har bir kunning o‘z talabi bor. Yoshlar bor ekan, ularning talabi ham yangilanaveradi. Tashabbuskorlik hissi bilan jo‘shayotgan yigit-qizlarni qo‘llab-quvvatlamaslik, shunchaki tomoshabin sifatida kuzatib turish — “Kamolot” uchun mutlaqo yot tushuncha! Yoshlarga mavjud imkoniyat yuzasidangina emas, balki barcha imkoniyatlarni ishga solib, joiz bo‘lsa, shu imkoniyat, shu shart-sharoitni yaratib berish uchun doimiy izlanishda bo‘lish ham “Kamolot” zimmasida. Xo‘sh, bu borada uning tayanch bo‘g‘ini bo‘lgan boshlang‘ich tashkilotlarning barchasida ham haqiqiy ahvol ijobiymi? Yetakchilar o‘z vazifasini qay darajada bajarmoqda? Yoshlarning boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatidan ko‘ngli to‘lyaptimi?

O‘zimizni qiziqtirgan bu kabi savollarga javob topish maqsadida bu gal G‘allaorol tumanidagi bir nechta ta’lim muassasalarida bo‘lib, boshlang‘ich tashkilotlar faoliyati bilan tanishdik.

Suyuntiradi BIRI

Dastlabki manzilimiz tumandagi 16-umumta’lim maktabi bo‘ldi. Maktab eshigidan kirishimiz bilan zalda qunt va hafsala bilan yasalgan “Kamolot” qutisi”ga ko‘zimiz tushdi. Ishga chan­qoq, o‘z vazifasini sidqidildan uddalashga o‘rgangan boshlan­g‘ich tashkilot yetakchisi Dildora Muhiddinova bizning qiziqishimizni anglab bunga izoh berdi:

— Yoshlarning fikr-mulohaza, taklif va muammolarini o‘rganish uchun ana shu qutini tashkil qilganmiz. Unga yoshlar o‘z taklif, muammolarini bir parcha qog‘ozga yozib tashlasa bo‘ldi, biz uni maktabimiz direktori bilan maslahatlashgan holda o‘rganamiz va ularga bu haqda yig‘ilishlarimizda ma’lum qilamiz. Hozirda o‘quvchilarimizdan sport tadbirlarini tez-tez uyushtirsak, degan takliflar tushgan.

D.Muhiddinova yoshlar tashkiloti saflarida yigit-qizlarning qiziqishlari, istak va muammolari bilan ishlashda yetarli ko‘nikmalarga ega bo‘lgan yetakchilardan. U o‘zining tashabbuskorligi, jonkuyarligi bilan ta’lim muassasasi yoshlarini bir ezgu maqsad yo‘lida birlashtirib kelmoqda.

Boshlang‘ich tashkilotning ish hujjatlarini ko‘zdan kechirganimizda barchasi talab darajasida ekaniga guvoh bo‘ldik. Yoshlar tashkilotining ish rejalari maktab direktori tomonidan tasdiqlangan. Sardorlar bilan ishlash tizimi ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Shu bois bo‘lsa kerak, ular yaqinda “Eng namunali sardorlar kengashi” tanlovining viloyat bosqichida faxr­li o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Dildora o‘z ish faoliyatida barcha toifadagi yoshlarni qamrab olishga intiladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oila farzandlari, nogiron, shuningdek, ota-onasi chet elga ketgan, muntazam dars qoldiruvchi o‘quvchilar bilan ham doimiy ravishda shug‘ullanadi. Ularni turli tadbirlarga jalb qilib, qiziqishini oshiradi, hayotga munosabatini yaxshilashga urinadi.

Qolaversa, yakka tartibda o‘qitiladigan bolalarning xonadoniga sardorlar bilan tashrif buyurib, ularga o‘quv qurollari, kitoblar sov­g‘a qilib ko‘nglini ko‘taradi. Ularning ijod namunalarini maktabda o‘tkaziladigan tanlov va ko‘rgazmalarga taqdim qiladi.

— Maktabda bizning samarali faoliyat yuritishimiz uchun barcha sharoitlar yetarli, — deydi Dildora Muhiddinova. — Yaqinda boshlang‘ich tashkilot uchun ajratilgan yangi xonaga ko‘chib o‘tamiz. Maktabimizda o‘quvchilar o‘rtasida turli ko‘rik-tanlovlar, musobaqalar o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangan. Bu borada qandaydir qiyinchilik yuzaga kelsa, bizni qo‘llab-quvvatlovchi muassasa rahbariyati bor.

BIRI kuyuntiradi

Keyingi manzilimiz 24-umumta’lim maktabi bo‘ldi. Maktab direktori bilan uchrashganimizda, uning Harakat muassisligidagi nashrlarning yangi sonlarini o‘qib o‘tirganiga ko‘zimiz tushdi. Bundan quvondik, albatta. Demak, bu yerda yoshlar tashkilotiga munosabat bosh­qacha. Afsus, xulosani oldinroq chiqarib qo‘yibmiz. Maktabda ikkita boshlan­g‘ich tashkilot yetakchisi faoliyat yuritar ekan (bu ham biz uchun yangilik bo‘ldi, vaholanki, boshlang‘ich tashkilotda bitta yetakchi bo‘lishi lozim) — Mavluda Yunu­sova va Kamola Boymurodova. Ikkala yetakchi ham ishda yo‘qligi sababli ular bilan suhbatlashish imkoni bo‘lmadi.

Shundan so‘ng maktab direktori va “Kamolot” YOIH tuman kengashi raisi Oybek Nazarov hamrohligida yetakchilarning ish hujjatlari bilan tanishdik. Ko‘rdikki, bu borada kamchiliklar yetarlicha. Xususan, reja bo‘yicha belgilangan tadbirlar to‘liq o‘tkazilmagan, loyihalarga yoshlarni qamrab olish ko‘rsatkichi ham juda past, oxirgi marta boshlang‘ich tashkilot hisobidan a’zolarni chiqarish 2013 yilda amalga oshirilgan. Bundan boshqa maydaroq kamchiliklarni gapirmasak ham bo‘ladi.

Shu o‘rinda, savol tug‘iladi: yetakchi aslida kim, uning vazifalari nimalardan iborat? Aniqlik kiritamiz: yetakchi — bu jamoaning manfaatlarini birlashtira olgan, bosh­qalarni ma’lum maqsadga yetaklay bilgan hamda buning natijasida jamoa ishonchiga sazovor bo‘lgan shaxs.

Yoshlarni bir maqsad yo‘lida birlashtirishda ular orasidan faol, tashabbuskor yetakchilar tanlab olinishi hammamizga ma’lum. Saralanganlar o‘z ishini ma’lum bir shiorlar va qat’iy qadamlar bilan boshlasa, uning kelajakdagi faoliyati yuqori cho‘qqilarga ko‘tarilishi tayin. Muhimi, u maqsadga aniq yondashishi hamda ishini amalda ko‘rsata olishi lozim. Biroq biz tanishgan ushbu ta’lim muassasasida boshlang‘ich tashkilot yetakchisining o‘rni sezilmaydi. Harakat tomonidan amalga oshirilayotgan ba’zi loyihalardan o‘quvchilar bexabar, shunga monand, ularning respublika miqyosidagi tanlovlarda ishtirok etish ko‘rsatkichi ham juda past darajada.

Shunga o‘xshash holatlar 87-ix­ti­­soslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida ham kuzatildi. Maktab direktori boshlang‘ich tashkilot yetakchisi Barno Hayitboyeva yaqinda davolangani bois, uyida dam olayotganini aytdi. Shunday bo‘lsa-da, yetakchini chaqirib, suhbatlashishga sharoit yaratib berdi.

Yetakchiga dastlab boshlang‘ich tashkilotning ish hujjatlari bilan tanishmoqchi ekanimizni aytgandik, “Kamolot” YOIH xonasi qolib, bizni “Tibbiyot xonasi”ga boshladi. Keyin bilsak, boshlang‘ich tashkilot faoliyatiga oid hujjatlar shu xonada saqlanar ekan. Xonadagi stol g‘aladonidan bir quchoq hujjatlarni olib, bizga ko‘rsatishga tutindi. Ko‘rdikki, bu hujjatlar ham to‘liq emas. “Kamalak” bolalar tashkilotining ustavi yo‘q, hisobot-saylov papkasini-ku, aytmasa ham bo‘ladi.

Boshlang‘ich tashkilot faoliyati bilan tanishar ekanmiz, loyihalarni amalga oshirish, o‘quvchilar bilan ishlash, ularning iqtidorini yuzaga chiqarish borasida ba’zi sustkashliklarga yo‘l qo‘yilganiga guvoh bo‘ldik.

Xususan, Harakat tomonidan amalga oshiriladigan ba’zi loyihalar shunchaki rasmiyatchilik uchun o‘tkazilgan. O‘quvchilarning qamrovi ham juda past. Natijada aksariyat yoshlar “Kamolot” loyihalaridan bexabar qolgan yoki u haqida umuman eshitmagan. Bunga o‘quvchilar bilan suhbatlarda amin bo‘ldik.

Bundan tashqari, yoshlarning qiziqishlari, intilishlaridan kelib chiqib boshlang‘ich tashkilotda yangi loyihalar hayotga tatbiq etilmagan. Bu o‘rinda, yetakchining shaxsiy tashabbuskorligi ko‘zga tashlanmaydi. Yetakchi o‘z atrofidagi yoshlarga faollikda namuna bo‘lishi barobarida murakkab vaziyatlarda ham mas’uliyatni o‘z zimmasiga ola bilishi kerak. Zero, yetakchiga bunday katta ishonch shunchaki bildirilgan emas. Uning zamirida yoshlar sardori sifatida yillar davomida shakllangan, toblangan inson gavdalanadi.

Bu maktabga yonma-yon joylashgan yana bir ta’lim muassasasi — 57-umumta’lim maktabiga borganimizda, u yerda obodonlashtirish ishlari ketayotgan ekan. Bizni maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari qarshi oldi. O‘rinbosar boshlang‘ich tashkilot yetakchisining betob ekani, shu bois, hozir kelolmasligini aytdi. “Xo‘p, ishlarini bir qur ko‘zdan kechiraylik”, degan murojaatimizga: “Xonasining kaliti menda yo‘q-da”, deya javob berdi. Keyin bilsak, “Kamolot” YOIH tuman kengashi tomonidan ish faoliyati qoniqarsiz deb topilgan boshlang‘ich tashkilotlar yetakchilari ha­qidagi ma’lumotda shunday so‘zlar keltirilgan ekan:

“57-umumta’lim maktabi BT yetakchisi Shahnoza Husanovaning alohida xonasi mavjud emas, ish faoliyati sust, Harakatning tuman kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirlar va yig‘ilishlardagi ishtiroki past darajada, xizmat vazifasiga noloyiq”…

Xulosa o‘rnida…

Maqola avvalida o‘zimiz uchun ikki-uchta savol qo‘yib, yetakchilar faoliyati bilan o‘allaorol tumanida joylashgan to‘rtta umumta’lim maktabidagi “Kamolot” YOIH boshlang‘ich tashkiloti misolida tanishishga harakat qildik. Dilni xira qiladigan jihati, ularning ayrimlarida yetakchilar hali ham “uyg‘onmagan”. Yoshlarga oid davlat siyosatining joylardagi targ‘ibotchilari hali hanuz o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondashmoqda.

Eng achinarlisi, na Harakatning mahalliy kengashi, na ta’lim muassasalari rahbariyati boshlang‘ich tashkilotlardagi mavjud ahvolni o‘nglash haqida o‘ylagan. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va “Kamolot” YOIH Markaziy Kengashi tomonidan 2012 yil 27 fevralda imzolangan qo‘shma qarorda boshlang‘ich tashkilotlar faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ahvolini o‘rganish, uslubiy ko‘mak berish hamda o‘rganish natijalarini yilda ikki marotaba muhokama etib borish nazarda tutilgan. Afsuski…

Yoshlar ertangi kunimizning tayanchi. Ularning orzu-niyatlari, xohish-istaklari bilan qiziqish, iqtidorini yuzaga chiqarishiga ko‘maklashish, yangi marralar sari ruhlantirishda Harakatning boshlang‘ich tashkilotlari muhim o‘rin tutadi. Shu ma’noda, ularning samarali faoliyat yuritishi kelajak egalarining istiqbolini belgilaydi. Shunday ekan, har kim o‘z majburiyati, vakolati va imkoniyatidan kelib chiqib, bu ezgu ishga munosib hissa qo‘shmog‘i kerak.

Shodi OTAMUROD,

“Turkiston” muxbiri

print
SHARE

Fikr bildirish

Please enter your comment!
Please enter your name here