Duo qiling bobo, jasurlik va matonatingiz bizga meros qolsin!

0
59

Yillar o’taveradi, davrlar almashaveradi, ammo ozodlik va insonparvarlik g’oyalari, qahramonlarni xotirlash va yonimizdagi insonlarni e’zozlashni o’zida mujassam etgan ma’naviy qadriyatlarimiz mangu yashayveradi. Xotira va qadrlash kuni mustaqil O’zbekiston xalqi hayotida alohida ahamiyatga ega muhim sanadir.

Tarixiy xotirasiz – kelajak yo’q. O’z tarixini bilmaydigan xalqning istiqboli ham bo’lmaydi. Shuning uchun faxriylarga hurmat-ehtirom ko’rsatish, ularni e’zozlash xalqimizga xos azaliy yuksak fazilatlardandir. Ikkinchi jahon urushi yillarida O’zbekistonda yashagan 6,5 millionga yaqin aholining 1,5 milliondan ziyodi frontga ketgan. O’sha dahshatli urushda 500 mingga yaqin yurtdoshimiz halok bo’lgan, minglab norg’ul yigitlar bedarak yo’qolgan. Ko’pchiligi esa mayib-majruh bo’lib qaytgan. Bu raqamlar xalqimizning fashizm ustidan qozonilgan G’alabaga qanday katta hissa qo’shganidan dalolat beradi.

Shu bois, istiqlol yillarida mamlakatimizda Ikkinchi jahon urushida o’z jonini qurbon qilgan yurtdoshlarimiz xotirasini abadiylashtirishga doir keng ko’lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Toshkent shahri va barcha viloyatlar markazlarida tashkil etilgan Xotira maydonlaridagi xotira kitoblarida urush yillarida halok bo’lgan va bedarak ketganlarning nomlari zarhal harflar bilan bitilgan. Bu ularning mardligi va jasorati e’tirofi bo’lib, biz, avlodlarni ushbu urush fojiasidan saboq chiqarishga da’vat etadi, ayni paytda mamlakatimizda inson xotirasi abadiy, qadr-qimmati muqaddas ekanini tasdiqlaydi.

Bugungi dorilomon kunlarda biz bilan birga umrguzaronlik qilayotgan faxriylarimiz doimiy davlatimiz e’tiborida bo’lib kelmoqda. Faxriylarga har tomonlama yuksak hurmat va g’amxo’rlik ko’rsatilib, ular moddiy va ma’naviy qo’llab-quvvatlanmoqda.

Xususan, urush ishtirokchilari va front orti faxriylariga pensiya va nafaqalaridan tashqari boshqa ijtimoiy yordamlar ham ko’rsatilmoqda. Bu ularga bepul tibbiy yordam ko’rsatish, sanatoriy va kurortlarda davolanish, protez-ortopediya moslamalari, nogironlik aravachalari va boshqa zarur vositalar, jamoat transportida bepul yurishini ta’minlashda o’z ifodasini topmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 4-apreldagi Qaroriga binoan 1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini moddiy rag’batlantirish maqsadida Toshkent shahrida istiqomat qilivchi urush va mehnat fronti faxriylariga sovg’a sifatida avtomobillar taqdim etildi.

– Bu yil 88 yoshga to’lgan bo’lsam-da, 14 yoshimdanoq G’alaba uchun mehnat qilishni boshlaganimni yaxshi eslayman, – deydi mehnat fronti faxriysi Yevgeniya Dmitrenko.

Ota-bobolarimiz an’analarini davom ettirib, milliy qadriyatlarimizni e’zozlab kelayotgan xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodimiz mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik va barqarorlikning qadrini yaxshi biladi, dunyoga dovruq taratgan buyuk ajdodlar avlodi ekani bilan faxrlanadi.

print

Fikr bildirish

Please enter your comment!
Please enter your name here