Ulug’bek qishloq xo’jaligida innovatsiya qildi!

0
127

 Demografik ko’rsatkichlarning o’sishi cheklangan resurslar sharoitida oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy e’tibor qaratish, ayniqsa, bizni «boqadigan va kiyintiradigan» soha – qishloq xo’jaligida innovatsion texnologiyalarni keng joriy etishni taqozo etmoqda.

Keyingi yillarda Andijon qishloq xo’jalik institutining yosh olimlari tomonidan sohani rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo’yicha samarali loyihalar yaratilib, ishlab chiqarishga joriy etildi.

Iqtidorli talaba-yoshlardan biri Ulug’bek Ahmedov tomonidan taklif etilgan noan’anaviy issiqxona to’rt yo’nalishda, elektr va issiqlik ta’minotisiz bir yilda 80 million so’m daromad keltiradi va to’rtta doimiy ishchi o’rni bilan ta’minlaydi.

Qish mavsumida ham aholini arzon va sifatli meva-sabzavot, hamda go’sht mahsulotlari bilan ta’minlashi ko’zda tutilgan issiqxona ikki qavatdan iborat. Birinchi qavatda 80  bosh qo’y, 200 ta quyon boqish mumkin,  bundan tashqari 15 tup limon ko’chati parvarishlash uchun sharoit mavjud. Ikkinchi qavatda esa sabzavot ekinlari yetishtirish ko’zda tutilgan. Pastki qavatda boqilayotgan jonivorlarning fiziologik issiqligi yuqori qavatda ekilgan sabzavot ko’chatlari rivojlanishi uchun yetarli.

Shuningdek, chorva hayvonlaridan chiqqan organik chiqindi joyning o’zida qayta ishlanib, biogaz olinadi. Ajratilgan metan esa generator yordamida elektr tokiga aylantiriladi va issiqxonaning ehtiyojiga sarflanadi. Biogazdan qolgan ikkilamchi xomashyo ko’chat yetishtirishda tuvak sifatida foydalanish uchun zaruriy shaklda qoliplanadi. Qimmatli jihati shundaki, biologik tuvaklar yerga chirindi sifatida singib ketadi.

Tengdoshimiz Ulug’bek o’tgan yili «Yosh tadbirkor – yurtga madadkor» loyihasining respublika bosqichida «Eng yaxshi innovatsion g’oya» nominatsiyasi bo’yicha g’oliblikni qo’lga kiritdi. Berilgan imtiyozli kredit asosida ish boshladi. «Kamolot» YIH va bir qator hamkor tashkilotlar tomonidan ikkinchi bor o’tkazilgan Biznes forumda ham qatnashdi. Malakali mutaxassis va muvaffaqiyat qozongan tadbirkorlar tomonidan berilgan tavsiyalar, o’zi kabi g’ayratli tengdoshlari bilan fikr almashgani istiqbolli biznes rejalarga poydevor bo’lishiga amin bo’ldi.

-Yaqinda bo’lib o’tadigan «Agroworld – 2017» ko’rgazmasida yangi innovatsion loyiham bilan ishtirok etishni rejalashtirmoqdaman, -deydi yosh tadqiqotchi U.Ahmedov.- Albatta, bu o’zaro tajriba almashish va innovatsion ishlanmalarga talabgorlar bilan to’g’ridan-to’g’ri muloqot imkonini beradi. Umuman, bu kabi tadbirlar kishini ruhlantiradi.

Bu institutimizda ta’lim olayotgan birgina talabaning jadal rivojlanish yo’lidan borayotgan yurtimiz qishloq xo’jaligi ehtiyoji uchun mo’ljallangan ishlanmasi, xolos. Ayni paytda boshqa yo’nalishlarda ham ko’plab izlanishlar olib borilmoqda. Zero, yoshlik bunyodkor kuch, bizni faqat olg’a boshlaydi.

Boburmirzo XOJIAKBAROV

Andijon qishloq xo’jalik instituti talabasi

print

Fikr bildirish

Please enter your comment!
Please enter your name here