“MAJBURIY”LIK BOR, MAS’ULIYAT YO‘Q!

"Turkiston" gazetasining navbatdagi sonida jurnalist Laylo Hayitovaning tanqidiy-tahliliy maqolasi chop etildi. Mazkur maqolaning to'liq matnini quyida o'qishingiz mumkin.

0
222

Yetakchi, deganda, ko‘z oldimizda faollik va tashabbuskorligi bilan yoshlar orasida o‘zini namoyon etadigan, jamoaning manfaatlarini birlashtiradigan, boshqalarni aniq maqsad sari yetaklay oladigan hamda jamoa ishonchiga erishgan shaxs namoyon bo‘ladi.

Xo‘sh, bugungi kunda Harakatning boshlang‘ich tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan yetakchilarning barchasi ham ana shunday xususiyatlarga egami? Ular yoshlarning talab va ehtiyojlarini qondira olyaptimi? Boshlang‘ich tashkilot yetakchisining yoshlar hayotidagi o‘rni — ta’siri qanday? Bu kabi savollarga javob topish maqsadida Buxoro davlat universiteti qoshidagi 1-akademik litsey hamda Buxoro avtomobil va yo‘llar kollejida bo‘ldik.

LOQAYDLIK PAND BЕRADI

Buxoro davlat universiteti qoshidagi 1-akademik litseyning kiraverishdagi katta va keng zali. Soat 09:10, hamma o‘z ishi bilan band. Qaysidir o‘qituvchi darsga kirmagan o‘quvchisiga tanbeh beryapti, kimdir sinfga oshiqyapti, yana kimdir yonidan sho‘xlik qilib o‘tib ketayotgan o‘quvchiga parvo qilmay, telefoni orqali darsga kelmayotgan o‘quvchisini chaqirish bilan band. Ammo bizni bir nechta o‘quvchilarning kechikib bo‘lsa ham kirish eshigi oldidagi biometrik davomat nazorat tizimidan bir-bir o‘tib, negadir yana ortga qaytib ketayotgani o‘ziga jalb etdi:

— Ustoz, hozir repetitorim kutyapti, kurs boshlanadi. Kechikib qolishim mumkin. Ketaversam maylimi? — deydi bir o‘quvchi barmoq izini maxsus apparatdan shosha-pisha o‘tkazar ekan.

— Ha, mayli, ehtiyot bo‘l, ammo darslar tugagan soatda yana barmoq izingni qoldirib ketishni unutma! — tayinlaydi o‘qituvchi…

O‘ylab qoldik: aslida akademik litseylar o‘quvchilarni oliygohlarga tayyorlovchi maskan bo‘lsa, nega o‘quvchilar yana ota-onasi “yollagan” repetitorlar sari oshiqadi?! Izohga hojat yo‘q. Asli maqsadimiz biometrik davomat nazorat tizimidagi ahvol bilan emas, balki Harakatning boshlang‘ich tashkiloti faoliyati bilan tanishish bo‘lgani uchun ham bu yerdan uzoqlashdik…

“TaQ-taQ”: yetakchi Qani?!

Duch kelgan o‘quvchidan “Kamolot” xonasini va boshlang‘ich tashkilot yetakchisini so‘radik. “Bilmadik” ishorasi bilan yelka qisgan bir nechta o‘quvchilar bir-birlariga: “Boshlang‘ich tashkilot degani nima o‘zi?!”, “Yetakchi, menimcha, “Kamolot”chi bo‘lsa kerak?”, — deya shivirlab kulishgancha ketdi.

Na iloj. Direktor xonasi tomon yo‘l oldik. Akademik litsey direktori Xursand Shukurov bilan suhbatlashar ekanmiz, u kishi boshlang‘ich tashkilot yetakchisi ta’lim muassasasida 0,5 shtat birligi asosida faoliyat ko‘rsatgani bois, faqatgina dars soatlari belgilangan kunlardagina kelib, asosan, boshqa muassasada (qo‘shimcha) ishlashini bildirdi. To‘g‘ri, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksiga muvofiq, har bir fuqaro asosiy ish joyidan tashqari, boshqa korxona yoki tashkilotda ham o‘rindoshlik asosida ishlashi mumkin. Lekin uning zimmasiga boshlang‘ich tashkilot yetakchiligi ham ishonch bilan yuklatilsa-yu, u bu ishonch­ga munosib bo‘lish haqida o‘ylamasa, achinarli.

Ana xolos!

— Boshlang‘ich tashkilot xonasi ayni paytda “Ma’naviyat va ma’rifat” xonasida joylashgan, — dedi litsey direktori va qo‘shib qo‘ydi, — yetakchi tomonidan ancha-muncha ishlar bajarilgan. Tadbirlar o‘tkazib turibdi. Uning faoliyatiga oid ish hujjatlari ham o‘sha xonada. Chaqirtirdim, hozir yetakchining o‘zi yetib keladi!

— Yo‘nalish sardorlari bilan ham talaygina ishlar amalga oshirilgandir? — so‘raymiz.

— Albatta! 14 nafar yo‘nalish sardorlari bilan suhbatlashishingiz mumkin.

— 14 nafar?! — beixtiyor hayron qoldik. Harakatning o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlari tashkiliy tuzilmasi 8 ta­ yo‘nalishdan iborat bo‘lsa, direktor nimani nazarda tutayotgan bo‘lishi mumkinligi bizni o‘ylantirdi.

Ko‘p o‘tmay, direktor xonasidan chiqaverishda bizni 14 nafar yigit-qiz qarshi oldi. Ana xolos, direktor aytmoqchi, bu o‘quvchilar boshlang‘ich tashkilot yo‘nalish sardorlari emas, balki ta’lim muassasasidagi guruh sardorlari ekan. 2-bosqich o‘quvchisi Maftuna Ma’murovadan boshqa sardorlar yoshlar tashkiloti to‘g‘risida, deyarli, ma’lumotga ham ega emas. Bundan tashqari, bir nechta sinf xonalarida bo‘ldik, yoshlar bilan suhbatlashdik. Natija esa achinarli: ko‘pchilik yetakchini tanimaydi, “Kamolot”ni bilmaydi. Bunga kim aybdor? Harakatning mahalliy kengashimi, ta’lim muassasasimi, boshlang‘ich tashkilot yetakchisimi yoxud yoshlarning o‘zi?! Albatta, ularning har biri mas’uliyatsiz, beparvo, o‘z ishiga layoqatsiz bo‘lmasa, muammolar bu qadar qalashib ketmasdi.

Burchakka “skotchlangan” “Kamolot”

…Soat 10.40. Oradan shuncha vaqt o‘tsa-da, litsey direktori “chaqirtirgan” boshlang‘ich tashkilot yetakchisidan darak yo‘q. Ta’lim muassasasi devoriy vositalarining birortasida hech bo‘lmasa, “Kamolot” yozuvi tushirilgan targ‘ibot ko‘rgazmasini uchratmadik.

— Yo‘q! “Ma’naviyat va ma’rifat” xonasida bor! — dedi litsey direktori. Direktor ortidan ergashdik.

Darhaqiqat, u adashmagan edi. “Ma’naviyat va ma’rifat” xonasidagi doskaning orqa tabaqasida “Kamolot” tadbirlari ro‘yxati tushirilgan ko‘rgazma “skotchlab” qo‘yilgan ekan. “Qog‘ozda bo‘lsa-da, bor ekan-ku”, deb qo‘ydik achchiqqina qilib.

Xo‘sh, “Kamolot”ning xonasizligi, “Ma’naviyat va ma’rifat” xonasi burchagidagi doska ortida “berkinib” qolishi, texnik jihozlar bilan ta’minlanmaganiga sabab nima? Bir necha oy ilgari viloyat hokimi “Kamolot” faollari bilan uchrashuvida, aynan ta’lim muassasasi rahbarlariga qarata: “Belgilangan muddatda yetakchiga xona ajratilmas ekan, o‘z xonangizni “Kamolot”ga bo‘shatib berasiz!” — degan edi…

…Soat millari 11.15lar atrofida. Suhbat chog‘ida xonaga kirib kelgan yigitni direktor: “Boshlang‘ich tashkilot yetakchisi Shamshod Toshev”, deb tanishtirdi. U bilan suhbatlashar ekanmiz, qariyb 1,5 yildan buyon yetakchi ekani, bu vazifa uning zimmasiga qo‘shimcha ravishda yuklatilgani, Harakat yo‘nalishida amalda haqiqatan ish bajarib kelayotgan bo‘lsa-da, lekin ular to‘g‘risida hech qanday ma’lumotlar kiritib bormasligini, umuman, majburan “Kamolot”chilik qilib kelayotganini bildirdi.

Tadbirlarni o‘tkazishda zarurat tug‘ilganda o‘z cho‘ntagidan mablag‘ sarflab, boshlang‘ich tashkilot hisobidan qo‘shimcha “haq” olmay kelayotgan yetakchiga nima ham derdik?! Ustiga-ustak, direktor ham Shamshod Toshevning zimmasiga boshlang‘ich tashkilot yetakchiligini yuklagani haqida hech qanday bayon taqdim eta olmadi. Rahbar o‘z ishiga befarqlarcha qo‘l siltab qo‘ygan ekan, yetakchidan nima kutish mumkin?! Yetakchi boshlang‘ich tashkilotga majburan “yollangan” ekan, hech bo‘lmasa, rahbarning o‘zi ham talab va mas’uliyatni his etishi zarur, bizningcha.

— Boshlang‘ich tashkilotingizda a’zolar soni necha nafar?

— 15 nafar!

Mana sizga boshlang‘ich tashkilot yetakchisining javobi! Na kulishni, na yig‘lashni bilamiz. Yetakchi ayni paytda litseyda 411 nafar o‘quvchi tahsil olishini bildirdi… Qaydlar jurnali haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas.

“Yetakchining faoliyatiga oid ish hujjatlari “Ma’naviyat va ma’rifat” xonasida!” — deya bizni go‘yo avrab turgan litsey direktoriga savol nazari bilan qaraganimiz javobsiz qoldi. Shunda yetakchiga bir ta’lim muassasasidan ikkinchi ta’lim muassasasiga ko‘chgan o‘quvchilarning yoshlar tashkilotiga a’zoligini kafolatlovchi qaydlar daftari qanday yuritilishi lozimligini bir-bir tushuntirdik. Yetakchi ham bu haqda birinchi marta eshitayotganini yashirmadi… Xo‘sh, bu o‘rinda kimni ayblaysiz, endi?

Muammoning ildizi Qayerda?

Savol tug‘iladi: 2001 yilda tashkil topgan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining tayanch bo‘g‘ini — boshlang‘ich tashkilotlar nega haligacha rivojlanishga yuz tutmayapti, nega yetakchilar o‘z vazifalarining nimalardan iboratligini bilmaydi? Bunda aybdor kim?! Harakatning ayrim mahalliy kengashlari tomonidan istalgan yosh kadrning (istagi yoki xohishini inobatga olmay) boshlang‘ich tashkilotga yetakchi sifatida saylab qo‘yilgani, ular bilan doimiy tarzda seminar-trening, o‘quv-mashg‘ulotlari o‘tkazilmagani, o‘quvchilarning bilim salohiyatini oshirish, tajriba almashishini ta’minlash maqsadida aniq chora-tadbirlar belgilanmagani ana shunday oqibatlarni keltirib chiqarmayaptimi? Boshlang‘ich tashkilotlar yetakchilari oldida turgan yana bir muammo bu — ular faoliyatiga aksariyat hududiy kengashlar hamda muassasa rahbarlarining panja orasidan qarayotganidir. Xoh o‘z xohishi, xoh jamoa istagi bilan saylangan bo‘lsin, boshlang‘ich tashkilot yetakchisi kezi kelganda, o‘zi anglamagan holda, albatta, ko‘p sonli yoshlar kelajagi uchun zahmat bilan kuyib-pishadi. Qachonki, u qo‘llab-quvvatlanmas, rag‘batlantirib borilmas ekan, ishtiyoq o‘rnini loqaydlik egallab boraveradi!

Harakatni ishni uddalay oladigan yetuk mutaxassislar bilan ta’minlash, kelgusi rejalarni yoshlarning talab-taklif va istaklari bilan boyitish, qoloqlik va sansalorlikka chek qo‘yib, faoliyatni amaliy ishlar bilan mustahkamlash, ishni yangicha yondashuvlar asosida takomillashtirish maqsadlari ko‘zda tutilmas ekan, kutilgan natijalarga erishish mushkul.

HARAKATDA GAP KO‘P

Shu kuni Buxoro davlat universiteti qoshidagi 1-akademik litseydan nari borsa, 50 metr masofada joylashgan Buxoro avtomobil va yo‘llar kollejida ham bo‘lib, boshlang‘ich tashkilot faoliyati bilan qiziqdik.

Bu yerda “Yetakchi bormi?”, “Nega ko‘rinmaydi?!”, “Ishlar buncha o‘lda-jo‘lda?!” degan savollarga hojat qolmadi. “E, yashang, barakalla!” deb qaytdik. Boshlang‘ich tashkilot yetakchisi o‘quv muassasasining haqiqiy ma’nodagi lideriga aylanib ulgurgan.

Kichikkina jussali, tinib-tinchimas Mahbuba Qurbonova boshlan­g‘ich tashkilot yetakchiligiga nomzod sifatida ko‘rsatilganda, uni butun jamoa bir ovozdan qo‘llab-quvvatlagan ekan. O‘zining g‘ayrat-shijoati bilan qisqa fursatda ta’lim muassasasi boshlang‘ich tashkiloti faoliyatini havas qilarli darajada yuksaltira olibdi. Uning tashabbusi bilan boshlang‘ich tashkilotning tashkiliy tuzilmasidan tortib, Harakat faoliyatini targ‘ib etuvchi manbalar ham o‘quvchilar ko‘ra oladigan joylarda o‘rnatilib, ko‘rgazmali vositalar bilan bo­yitilibdi.

Shinam va yorug‘, ish sharoiti yaratilgan boshlang‘ich tashkilot yetakchisi xonasi hamisha yo‘nalish sardorlariyu yoshlar bilan gavjum. Xonaning bir burchagi yosh rassomlar asarlari bilan bezatilgan bo‘lsa, ikkinchi burchagiga o‘quvchilarning qo‘l mehnati mahsuli chiroy bag‘ishlab turibdi. Qo‘li-qo‘liga tegmay, o‘z ishida davom etayotgan yetakchi:

— Opa, ayni kunlarda ta’lim muassasamiz o‘quvchilar turar joyi­da ta’mirlash ishlari ketayotgani bois, vaqtincha ijarada turib, tahsil olayotgan yoshlardan xabar olish maqsadida Sardorlar kengashi bilan “Biz sen bilan!” loyihasini ishlab chiqqanmiz. Loyihamizga qo‘shiling, — deya o‘z tashabbusi bilan amalga oshirilgan ishlar hisobotlarini qo‘limizga tutqazdi.

Faol yetakchi — “Kamolot”ga ko‘makchi

“Men sog‘lom bolaman”, “OITS va giyohvandlik davr muammosi”, “Biz siz bilan faxrlanamiz!”, “Kamolot” — menga tayanch!”, “Odam savdosi — illat!”, “Kamolot” va yoshlar” mavzusida blis-so‘rovlar kabi o‘ttizdan ortiq yangidan-yangi loyi­halar bilan boshlang‘ich tashkilot faoliyati samaradorligini oshirib kelayotgan Mahbuba Qurbonova iqtidorli, iste’dodli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun ularni gohida televideniye va radio, gazeta-jurnallar tahririyatiyu madaniyat va san’at dargohlariga yetaklab borishdan charchamaydi.

Fe’lida jo‘shqinlik, shijoat va g‘ayrat to‘la boshlan­g‘ich tashkilot yetakchisi, “chapanichasiga” aytganda, yoshlar talab-istagi uchun ikkilanmay, har qanday so‘zini o‘tkaza oladiganlardan.

— Mahbuba yuragida o‘ti bor qiz. Kerak bo‘lsa, eshikni tepib kiradiganlardan, — miyig‘ida kulib so‘zlaydi kollej direktori Maqsud Xolov. — O‘quvchilar taqdiri, ularning talab-istagi uchun tinchidan kechadiki, yo‘lidan qaytmaydi. Fidoyiligi uchun ham unga ishonchimiz yuqori. Muhimi, ishonchni oqlayapti. “Kamolot” safi ana shunday “Men ishlayman”, “Labbay!” deb turgan yoshlar bilan kengaysa, yoshlar tashkilotidagi ayrim oqsoqliklar yo‘qoladi. Boshlang‘ich tashkilot ko‘p ming sonli yoshlarning ertasi uchun muhim poydevor ekan, yetakchilarni qo‘llab-quvvatlash ham, rag‘batlantirish ham zimmamizda.

Darhaqiqat, har bir boshlang‘ich tashkilot yetakchisi jonfidolik bilan harakatda bo‘lib, zimmasidagi mas’uliyatni chuqur anglasa, o‘z salohiyatini ishga solib, muammolarni to‘g‘ri qo‘ya olsa, korxona va tashkilot, muassasa rahbari ham unga yondashadi, qo‘llab-quvvatlaydi. Harakatning har bir boshlang‘ich tashkilotida samaradorlik shunday olg‘a siljisagina, yoshlar barcha sohada izlagan imkoniyatni topa oladi. “Kamolot”ning bosh maqsadlaridan biri ham shu!

Kutilmagan “syurpriz”

Boshlang‘ich tashkilot yetakchisi bilan xayr­lashib, xonadan chiqar ekanmiz, shu payt qo‘ng‘iroq jiringladi. Telefon go‘shagini olgan qizning kutilmaganda quvonchdan qichqirib yuborgani hayratimizni oshirdi.

— “Kamolot” uyiga ega bo‘libmiz!” — deya quvonchdan to‘lib so‘zlagan yetakchini chin dildan tabrikladik.

Ha, “Kamolot” o‘zining chinakam fido­yilarini ana shunday siylaydigan noyob tashkilot. Buning ham qadriga yetish kerak.

Laylo HAYITOVA,

“Turkiston” muxbiri

print
SHARE

Fikr bildirish

Please enter your comment!
Please enter your name here