DBA: Siyosiy axborot darslari tahlil va o‘zaro qiyoslash imkoniyatini bermoqda

0
94

Mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish jarayonida yoshlarning o‘rni va jamiyat hayotidagi rolini oshirish yo‘lida huquqiy, tashkiliy va institutsional, bir so‘z bilan aytganda, barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan.

Bu borada ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu ta’lim dargohi bugungi kunda ham yosh rahbar zaxira kadrlarni tayyorlab berish borasida alohida mavqega ega.

Kuni-kecha yana bir tizim joriy qilindi.  Akademiya rektori, tibbiyot fanlari doktori Adxam Ikramov qaroriga muvofiq, barcha tinglovchilar uchun siyosiy soatlar tashkil etildi. Unda akademiyaning tinglovchilari va professor-o‘qituvchilari jalb qilindi.

Bugun erta tongdan akademiyaga oshiqdim. Har holda yelkada mas’uliyat yuki bor. Nazorat eshigidan kirarkanman, osmono‘par binoga boqib, o‘ylanib qoldim. “Bu binolar, bu imkoniyatlar kim uchun… Bunday darajadagi g‘amxo‘rlik kishini qiynaydi. Ha, g‘amxo‘rlik qiynaydi… Foydalanmaslik mumkinmi? Yo‘q, albatta yo’q!”.

Ko‘p o‘tmay akademiya hovlisini “Shu millatning porloq kelajagini yangi-yangi g‘oyalarim, amaliy ishlarim bilan men yarataman”, degan yosh, baquvvat, ma’nan sog‘lom, ruhan barkamol yigit-qizlar to‘ldirib kirib kela boshladi. Ha, bugun akademiyada shunday yoshlar o‘qiyapti. Ular bugunning ishonchi, ertaning me’mori, farovon kelajakning ishonchli kaliti.

  7-qavatning 701-xonasi. Ko‘p o‘tmay, butun guruh yig‘ildi.

Dunyoning geosiyosiy qiyofasi, yadroviy xurujlar, ma’naviy tahdidlar, ekstremizm, diniy aqidaparastlik, ayrim vatanfurush o‘zbek yoshlarining xorijdagi portreti haqida moderatorlar atroflicha ma’lumot berishmoqda. O‘zbekistondagi rahbariy o‘zgarishlarning tahlili, iqtisodiy o‘zgarishlar, hukumat tizimidagi yangiliklar, ijtimoiy hayot, OAVlardagi yangiliklar borasida batafsil ma’lumot berilmoqda.

Bugun O‘zbekiston yangiliklari bilan Dilyor G‘aniyev hamda dunyodagi siyosiy jarayonlar borasida Boburmirzo Axunov ma’lumot berdi. Ha, siyosiy axborot soatlarini “Kamolot” YIH tizimidan tahsil olayotgan yosh rahbar zaxira kadrlari yuqori saviyada o‘tkazmoqda.

  Bugun O‘zbekiston va jahonda sodir bo‘layotgan yangiliklar taqdimotidan so‘ng “Bunyodkor” yoshlar teleklubi tomonidan suratga olingan ijtimoiy roliklar namoyish etildi va ushbu roliklar ijtimoiy tarmoqlar orqali butun respublika yoshlariga yetkazish bo‘yicha kelishib olindi.

— O‘quvlar davomida biz ma’rifiy, siyosiy, dunyoviy bilimimizni oshirish asnosida turli mavzularda bahs-munozaralarga kirishib keta olish imkoniyatimizni ham sinovdan o‘tkazyapmiz, — dedi G‘ijduvon tuman raisi Bobomurod Ochilov. — Bu esa o‘z navbatida har tomonlama salohiyatli yetuk mutaxassis bo‘lishimizga turtki bo‘lmoqda. Keraksiz axborot bo’lmaydi. Faqatgina tahlil va o‘zaro qiyoslashni o‘rgansak, bo‘lgani. Siyosiy darslar ma’naviy, ilmiy, huquqiy-siyosiy savodxonligimizni oshirib borishga zamin bo‘lmoqda.

Siyosiy o‘quvlar so‘nggida rahbariyat faol ishtirok etgan, siyosiy notiq tinglovchilarni turli nominatsiyalar bo‘yicha rag‘batlantirishni ko‘zda tutgan.

Muxtasar qilib aytganda, bu kabi siyosiy o‘quvlar tinglovchilarning ijtimoiy-siyosiy dunyoqarashi, bilimini kengaytirishga, amaliy, tashkiliy, mafkuraviy faoliyatlarini yuqori darajaga olib chiqishga, Harakatning fidoyi va siyosiy yetuk kadrlari sifatida shakllanishi va o‘sishiga xizmat qiladi.

Siyosiy o‘quvlar davom etadi.

Gulchehra Ashurova,
DBAdan maxsus

  

print

Fikr bildirish

Please enter your comment!
Please enter your name here