“Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi qoshidagi “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi hukumat qaroriga asosan (16-sentyabr 2013-yilning № 250 VMQ) tashkil etilgan bo‘lib, asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

• jahon tendensiyalari va xorijiy davlatlar tajribasining tahlil va tadqiqoti asosida “Elektron hukumat” tizimini keyinchalik rivojlantirish va takomillashtirishni strategik yo‘nalishlarini ishlab chiqish;
• “Elektron hukumat” tizimi loyihalarini amalga oshirishning me’yoriy-metodik ta’minlanishini tashkil qilish, davlat organlarida foydalanilayotgan axborot tizimlari, axborot resurslari va ma’lumotlar bazalarini ishlab chiqish va integrasiyalashda kelishilgan loyihalashtirish mexanizmini ko‘zda tutadigan “Elektron hukumat” tizimini shakllantirishda yagona texnologik yondashuvni ta’minlash;
• davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan, innovatsion biznes jarayonlarini boshqarish mexanizmlarini joriy qilish, takomillashtirish va maqbullashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash, davlat organlarining funksional va operatsion jarayonlari faoliyatini tizimli qayta tashkillantirish;
• “Elektron hukumat” tizimini samarali tatbiq qilish uchun yo‘naltirilgan tahlilni o‘tkazish va amaldagi me’yoriy-huquqiy bazalarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
• “Elektron hukumat” tizimi miqyosida davlat organlari faoliyatidagi axborot kommunikatsiya texnologiyalarining samaradorligini baholash tizimini joriy etish, tizimli monitoring o‘tkazish, axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish holatini baholash, shu jumladan, axborot texnologiyalari va resurslari samaradorligini joriy etilganligini o‘rganish;
• “Elektron hukumat” tizimi loyihalarini amalga oshirish doirasida yo‘naltirilgan indikatorlar va ko‘rsatkichlarni aniqlash, Interaktiv davlat xizmatlarini samarali taqsimlanishi va foydalanishining asosiy ko’rsatkichlarini aniqlash metodikasini ishlab chiqarish.
O‘zbekistonda Elektron hukumatni joriy qilishning yakuniy maqsadi, quyidagilardan iborat: mukammal davlat boshqaruvi elektron apparatini yaratish, shuningdek, interaktiv xizmatlarini taqdim etilish imkoniyatlarining kengligi, hukumat organlari faoliyati hisobotlarining berib borilishi va oydinligi, xizmatlardan oson foydalanish imkoniyatlari va yakka tartibligi, siyosiy jarayonlarda fuqarolarning faol ishtiroki va xabardorligi, erkin axborot almashinuvi, aholi va tadbirkorlik faoliyati uchun davlat xizmatlarini taqdim etishda qulay sharoitlar yaratish, fuqarolarning o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirilishini qo’llab-quvvatlash, barcha saylovchilarni boshqaruv jarayonlarda va davlat boshqaruvida ishtirok etish imkoniyatlarini oshirishdan iborat.