Kamolot nima?

O‘zbekiston «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati mamlakatimiz yoshlarini ixtiyoriylik, oshkoralik, huquq va majburiyatlar tengligi tamoyili asosida birlashtiradigan nodavlat notijorat tashkilotidir. Harakat o‘z safiga 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 6 mln.ga yaqin O‘zbekiston yoshlarini birlashtiradi.

Harakatning asosiy maqsadi – mamlakatimiz yoshlarini ozod va obod Vatan yaratishdek ulug‘ maqsad yo‘lida birlashtirish, milliy g‘oyamizga tayangan holda mustaqil O‘zbekistonning jismonan sog‘lom, ma’naviy yetuk, dunyoqarashi teran va mustaqil fikrlovchi, milliy va umumbashariy qadriyatlarga asoslangan demokratik tamoyillarni, bozor iqtisodiyoti asoslarini chuqur egallagan yoshlarni voyaga yetkazishga har tomonlama ko‘maklashish, o‘sib kelayotgan avlodning inson huquqlari va qadr-qimmatini ulug‘lashga, xalqimizning obro‘si va nufuzini, yurtimizning shon-shuhratini oshirishga xizmat qiladigan uzoq muddatli keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jarayonlardagi faol ishtirokini ta’minlashdan iboratdir.

Harakatning tashkiliy negizi – boshlang‘ich tashkilotdir. Boshlang‘ich tashkilotlar O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy bo‘linishiga muvofiq Harakatning tuman va shahar bo‘limlariga birlashadilar. Boshlang‘ich tashkilot kamida besh nafar Harakat a’zosining xohishiga asosan, ularning yig‘ilishi qarori bilan tuziladi. Harakatga a’zolik yoshidagi yigit-qizlar o‘z qiziqishlari bo‘yicha hamda turli ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish maqsadida Harakat tizimlari qoshida tuziladigan turli klublar va markazlarda birlashishlari mumkin.

Harakatning tuman va shahar bo‘limlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlariga birlashadilar.
Harakat homiyligida respublika «Kamalak» bolalar tashkiloti faoliyat yuritadi. «Kamalak» bolalar tashkiloti o‘z safiga o‘n yoshdan o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalarni va o‘smirlarni milliy istiqlol g‘oyasi asosida Vatanning sodiq farzandlari etib tarbiyalash, huquq va manfaatlarini ifodalash va himoya qilish, qobiliyatlarini rivojlantirish maqsadida ixtiyoriy ravishda birlashtiradi.